ACDP logo
Kirish
header bg

“Davlat va jamiyat barqarorligini mustahkamlashda ijtimoiy sheriklikning ahamiyati”

54
Поделиться:
“Davlat va jamiyat barqarorligini mustahkamlashda ijtimoiy sheriklikning ahamiyati”

Jamiyat va davlat o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik har qanday mamlakat taraqqiyoti va barqaror rivojlanishining muhim omili hisoblanadi. Ayniqsa, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirish, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Aynan shu maqsadda, 2025 yil 31 iyul kuni Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi (DJTQM) Navoiy viloyat bo‘linmasi, viloyat hokimligi va viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida “Davlat va jamiyat barqarorligini mustahkamlashda ijtimoiy sheriklikning ahamiyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yanada mustahkamlash, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, shuningdek, fuqarolik jamiyati rivojiga xizmat qiluvchi yangi tashabbus va takliflarni eshitishdan iborat bo‘ldi.

Davra suhbatida DJTQM viloyat bo‘linmasi xodimlari, Navoiy viloyat hokimligi va Adliya boshqarmasi mas’ullari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati keng yoritildi. Xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarini (NNT) huquqiy, metodik va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga doir yaratilgan yangi imkoniyatlar muhokama etildi.

Shuningdek, 2024 yilda bo‘lib o‘tgan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlarda NNT vakillarining deputatlikka saylangani, Oliy Majlis qo‘mitalari qoshida jamoatchilik kengashlari tashkil etilgani alohida ta’kidlandi. Bu jarayonlar davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqayotgani qayd etildi.

Bundan tashqari, tadbirda Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan fuqarolik jamiyati institutlarining 2024 yil va 2025 yilning birinchi yarim yilligidagi ishlari tahlil qilindi. Jamoat fondlari faoliyatida kuzatilayotgan yangiliklar, moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy shakllari hamda shaffoflik va ochiqlik tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va muloqotni yanada kuchaytirish, ijtimoiy sheriklikning institutsional asoslarini mustahkamlash yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi