Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi yangi nashrni taqdim etadi

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazida ushbu Markaz direktori A.Pardayev muharrirligi ostida “Demokratik jarayonlarni tahlil qilish metodologiyasi” ilmiy-uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqildi.
Qo‘llanma muallifi: Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori o‘rinbosari, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent A. Yusupov.
Tuzuvchilar: B. Abdullayev, U. Nurullayeva, M. Ubaydullayev,
A. Rashidbekov
Bugun ijtimoiy-siyosiy hayot shu qadar serqirra va tezkor tus oldiki, voqealarni yuzaki kuzatish yoki oddiy taassurotlarga tayanish yetarli emas. Davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilgan sharoitda tahliliy faoliyat alohida ahamiyat kasb etadi.
Zero, qonunchilikda belgilangan tamoyillar amalda qanday ishlayotganini, jamoatchilik kayfiyati qanday omillar ta’sirida o‘zgarayotganini va qabul qilinayotgan qarorlar qanchalik samarali ekanini aniq mezonlarsiz xolis baholash qiyin.
Demokratik o‘zgarishlar qanday baholanadi? Islohotlar samaradorligini qaysi mezonlar orqali o‘lchash mumkin? Aholi fikrini o‘rganishning zamonaviy uslublari qanday? “Aql markazlari” o‘zaro bir-biridan qanday farq qiladi?
Muallif fikricha, qo‘llanma shu kabi savollarga ilmiy va amaliy yondashuvlar hamda zamonaviy metodlar asosida javob beradi. Nashr mumtoz va zamonaviy tadqiqot metodologiyasini o‘rganish, birlamchi ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlashdan tortib, strategik qarorlar uchun zarur bo‘lgan yakuniy tahliliy hujjatlarni tayyorlashgacha bo‘lgan butun jarayonni tizimlashtiradi va tushuntiradi.
Qo‘llanmada demokratik jarayonlarni baholashda qonun ustuvorligi, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki, erkin va adolatli saylovlar, siyosiy raqobat, so‘z va axborot erkinligi, OAV mustaqilligi, plyuralizm, inson huquqlari kafolatlari, jamoatchilik nazorati hamda NNTlar mustaqilligi kabi tayanch mezonlar yoritib berilgan.
Shuningdek, zamonaviy siyosiy tahlilning qator usul va vositalari, xususan, an’anaviy so‘rovlar, intervyu, fokus-guruh va Delfi usullari bilan birga zamonaviy so‘rov usullari, katta ma’lumotlar tahlili, tabiiy tilni qayta ishlash va ko‘p tilli neyron tarmoqlar yordamida matnlar tonalligini aniqlash,
“aks-sado kameralari”ni tadqiq etish, sintetik respondentlar, geoaxborot tizimlari hamda forsayt-tadqiqotlar tahlil qilingan.
Qo‘llanmada ijtimoiy kayfiyat indikatorlari, saylovchilar kayfiyatini o‘lchash formulalari va indekslari, siyosiy partiyalar va OAV faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari keltirilgan. Bundan tashqari, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining 4 bosqichli kompleks tadqiqot metodologiyasi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur amaliyotlarni ochib berishda V-Dem indeksi, “Demokratiya indeksi”, “Demokratiyaning global holati indeksi”, BMTning elektron hukumat va elektron ishtirok indikatorlari, Jahon bankining Global boshqaruv indikatorlari hamda
“Qonun ustuvorligi indeksi” qiyosiy tahlil qilingan.
Global indekslarning metodologik cheklanishlari xolis baholangan va xalqaro uslubiyotlarga mos milliy monitoring tizimlarini rivojlantirish zarurligi ta’kidlangan.
Nashrning ilovalar qismida amaliy tadqiqotlar uchun bevosita qo‘llash mumkin bo‘lgan tayyor namuna va talablar jamlangan. Xususan, savolnoma tuzishning 12 ta qoidasi va shkalalar, intervyu varaqasi namunasi, ekspertlar guruhini shakllantirish mezonlari hamda fokus-guruh o‘tkazish algoritmi berilgan.
Mazkur qo‘llanma tadqiqotchilar, davlat xizmatchilari, tahlilchilar va yosh mutaxassislar hamda tahliliy faoliyatga qiziquvchi keng kitobxonlar ommasi uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

