Yoshlar tarbiyasiga OAV va ijtimoiy tarmoqlarning taʼsiri

Joriy yilning 18-aprel kuni Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Jizzax viloyat hududiy boʻlinmasi tashabbusi bilan “Yoshlar tarbiyasiga OAV va ijtimoiy tarmoqlarning taʼsiri” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbati yoshlar, jurnalist, jamoat faollari, psixologlar ishtirokida tok-shou shaklida oʻtdi hamda Jizzax viloyat telekanalida jonli efirda namoyish etildi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, bugun Oʻzbekiston yoshlari ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda. NapoleonCat.com maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda 1 millionga yaqin Facebook, 1.5 milliondan ortiq Instagram va 18 million Telegram foydalanuvchilari mavjud. Bularning asosiy qismini 25-34 yoshli yigit-qizlar tashkil etadi.
Shu bilan birga, yoshlarni maʼnaviy, intellektual, axloqiy va jismoniy jihatdan yetuk shaxslar qilib tarbiyalash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonun bu borada dasturiamal boʻlib xizmat qiladi.
Tadbirda yoshlarda axborotga ongli munosabatni shakllantirish, mediasavodxonlikni oshirish va internetdagi salbiy taʼsirlarga nisbatan immunitetni mustahkamlash borasida atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Davra suhbati ishtirokchilari mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari, takliflarini bildirdi.