ACDP logo
Kirish
header bg

Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki: istiqbolli hamkorlik yoʻlida

218
Поделиться:
Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki: istiqbolli hamkorlik yoʻlida

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samarasi oʻlaroq, bir qator yirik va nufuzli xalqaro nohukumat tashkilot va moliya institutlari bilan samarali hamkorlik faollashib bormoqda. Bu borada xalqaro moliya tuzilmalari mablagʻlarini jalb qilish, ularni maqsadli va manzilli yoʻnaltirishga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ayniqsa, Oʻzbekiston Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning eng yirik va ishonchli hamkorlari qatoriga kirgan. Shu maʼnoda, OTB barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida mamlakat taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshib kelayotganini alohida eʼtirof etish mumkin.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish kerakki, OTB 1966-yilda tashkil etilgan boʻlib, unga 69 mamlakat aʼzo boʻlgan, ularning 50 tasi Osiyo mintaqasida joylashgan.

Oʻzbekiston 1995-yilda Osiyo taraqqiyot banki aʼzosiga aylangan boʻlib, soʻnggi 5 yil ichida Oʻzbekiston iqtisodiyoti rivoji uchun OTB tomonidan
5,41 mlrd dollardan ortiq mablagʻ ajratilgan[1].

Qolaversa, 2025–2026-yillar davomida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida umumiy qiymati 3,6 mlrd dollar boʻlgan 23 ta yangi loyihani amalga oshirish koʻzda tutilmoqda[2].

Shuningdek, Oʻzbekiston hukumati va OTB oʻrtasida 2026–2028-yillarga moʻljallangan oʻzaro anglashuv memorandumi doirasida jami 4,2 mlrd dollar qiymatidagi 28 ta istiqbolli loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan[3].

OTB Oʻzbekiston hukumati va boshqa manfaatdor idoralar bilan yashil iqtisodiyotga oʻtish jarayonida yordam berish, xususiy sektor rivojlanishi
va raqobatbardoshligini qoʻllab-quvvatlash hamda inson kapitaliga investitsiyalarni ragʻbatlantirish sohalarida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Binobarin, OTB Osiyo va Tinch okeani mintaqasida inklyuziv
va barqaror oʻsishni qoʻllab-quvvatlaydigan, odamlar hayotini oʻzgartirish
va sifatli infratuzilmani barpo etish yoʻlida innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorlikdan samarali foydalana oladigan moliyaviy tuzilma hisoblanadi[4].

Taʼkidlash zarurki, OTB Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, uning jamiyat va davlat hayotidagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan ilgʻor tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlamoqda, ilgari surmoqda.

Jumladan, demokratik tamoyillarni qaror toptirish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni taʼminlash, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish hamda raqamli islohotlarni amalga oshirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Joriy yil 4-7 may kunlari Italiyaning Milan shahrida “Tajriba almashish, ertangi kunni qurish” mavzusida boʻlib oʻtgan OTBning 58 yillik yigʻilishida ham shu masalalar muhokama markazida boʻlgani muhim ahamiyatga ega.

Fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari yillik yigʻilish doirasida oʻtkazilgan “Fuqarolik jamiyati forumi”ning 8 ta sessiyasida ishtirok etdi.

Xususan, raqamli iqtisodiyot va texnologiyalar, yashil hamda muqobil energiyani rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan sessiyada asosiy eʼtibor yoshlarni raqamli texnologiyalarga qiziqtirish, yashil iqtisodiyot
va muboqil energetikani rivojlantirish
ga qaratildi.

Shuningdek, Samoa, Nepal, Turkiya kabi davlatlar fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan raqamli vositalar yordamida iqlim oʻzgarishining oldini olish boʻyicha oʻz tajribalari haqida maʼlumot berildi. Bu borada aholining keng qatlamlariga yetib borishda raqamli texnologiyalar kuchli vositaga aylangani, insoniyat barqaror kelajakni aynan innovatsiyalar orqali qurishi mumkinligi taʼkidlandi.

Yigʻilish davomida OTB vakili M.Shagazatova bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy faolligini oshirish, ularga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish, gender tenglikni taʼminlash sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berilib, mazkur yoʻnalishda OTB bilan hamkorlikni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda 2026-yildan boshlab OTB tomonidan aʼzo davlatlarda xotin-qizlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlikning oldini olish, ogʻir sharoitdagi ayollarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha fuqarolik jamiyati institutlari imkoniyatlaridan keng foydalanilishi taʼkidlandi.

“OTBning hisobdorligi va kafolat berishining samaradorlik istiqbollari” mavzusidagi sessiyada fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan jamoalar oldidagi majburiyatlar bajarilishini taʼminlash uchun bank moliyalashtirilayotgan loyihalarning amalga oshirilishi boʻyicha maʼlumotlarning oshkor etilishi ustidan muntazam monitoring olib borishni kuchaytirish masalasiga asosiy eʼtibor qaratildi.

“Oʻzgaruvchan dunyoda infratuzilma: infratuzilma strategiyalarida barqarorlikni moliyalashtirish” mavzusida oʻtkazilgan sessiyada nodavlat, hukumat va xususiy sektorda infratuzilma barqarorligini taʼminlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Shu bilan birga, tadbir davomida Belgiyaning “Assortis” xalqaro platformasi mutaxassisi Jiada Rapalino bilan tashkil etilgan uchrashuvda Oʻzbekiston jamoat tashkilotlari vakillarining OTB loyihalarida qatnashishiga koʻmaklashish, oʻquv-uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, boshqa xalqaro donorlar bilan hamkorlik oʻrnatish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib olindi.

OTB prezidenti Masato Kanda va fuqarolik jamiyati vakillari oʻrtasida oʻtkazilgan ochiq muloqotda bank ajratayotgan mablagʻlar asosida amalga oshirilayotgan loyihalar monitoringida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini oshirish va oʻrganishga salbiy taʼsir qiladigan omillarning oldini olish masalalari qizgʻin muhokama qilindi.

Tadbirda OTB moliyalashtirayotgan loyihalarning ekologiyaga salbiy taʼsirining oldini olishda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari murojaatlarini koʻrib chiqish tizimini takomillashtirish, NNTlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish boʻyicha amaliy takliflar bildirildi.

Oʻz navbatida, OTB prezidenti tomonidan fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, loyihalarning ijtimoiy va ekologik standartlarga muvofiqligini taʼminlash, mavjud muammolarni oʻrganib chiqish va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar koʻrishga vaʼda berildi.

Belgiyaning “IBF International Consulting” kompaniyasi menejeri Daniel Bajjio bilan oʻtkazilgan uchrashuvda u Oʻzbekistonni jahon hamjamiyatiga oʻzini ochayotgan mamlakat sifatida eʼtirof etib, kompaniya Oʻzbekistonga kirishga qiziqayotganini taʼkidladi.

Ushbu konsalting kompaniyasi koʻplab mamlakatlarda OTB va boshqa donorlar loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etib kelayotgani, xususan, ular tomonidan taqdim etilayotgan grantlarni samarali amalga oshirish, hisobotlarni tayyorlashga koʻmaklashish, kadrlar malakasini oshirishga yordam berish kabi yoʻnalishlarda ish olib borilayotgani bildirildi.

Yillik yigʻilishning quvonarli jihatlaridan biri shu boʻldiki, OTBning navbatdagi 59-yillik yigʻilishi 2026 yil 3-6 may kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilishiga qaror qilindi.

Shu oʻrinda OTBning 43-yillik yigʻilishi 2010 yilda Toshkent shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilganini ham eslatib oʻtish joiz[5].

Samarqandda boʻladigan yillik yigʻilish OTBga aʼzo 69 ta davlatdan Boshqaruvchilar uchun Osiyo va Tinch okeani mintaqasi oldida turgan rivojlanish masalalari va muammolarni koʻrib chiqishda oʻziga xos muloqot maydonini yaratib beradi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Mazkur xalqaro tadbir ishida bir necha ming ishtirokchi, jumladan, moliya vazirlari, markaziy bank rahbarlari, yuqori martabali hukumat, xususiy sektor vakillari, yirik xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

OTB prezidenti M.Kanda 2026 yilgi yigʻilish muloqot va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun ilhomlantiruvchi platforma boʻlib xizmat qilishi va mintaqaning koʻplab oʻziga xos jihatlarini muhokama qilish uchun imkon yaratishini taʼkidladi[6].

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi hamkorlik mamlakatning jadal rivojlanishi uchun strategik jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. OTBning investitsiya loyihalari infratuzilmani rivojlantirish, energiya samaradorligiga erishish, transport va suv taʼminoti tizimlarini yangilash imkoniyatlari ortishiga xizmat qiladi.

 

Azamat PARDAYEV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi rahbari

 

[1]https://zarnews.uz/post/osiyo-taraqqiyot-bankining-59-yillik-yigilishi-samarqandda-bolib-otad

[2]https://aniq.uz/yangiliklar/osiyo-taraqqiyot-banki-uzbekistonga-ishonch-bildirdi-2025-2026-yillarda-yirik-loyihalar-boshlanadi

[3]https://www.uzdaily.uz/uzc/osiyo-taraqqiyot-banki-o%CA%BBzbekistonda-12-ta-yangi-loyihani-moliyalashtirishga-tayyor/

[4]https://zarnews.uz/post/osiyo-taraqqiyot-bankining-59-yillik-yigilishi-samarqandda-bolib-otadi

[5]https://zarnews.uz/post/osiyo-taraqqiyot-bankining-59-yillik-yigilishi-samarqandda-bolib-otad

[6]https://zarnews.uz/post/osiyo-taraqqiyot-bankining-59-yillik-yigilishi-samarqandda-bolib-otadi