ACDP logo
Kirish
header bg

Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlariga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh boʻladi

183
Поделиться:
Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlariga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh boʻladi

Korrupsiya illati davlat va jamiyatning rivojlanishiga toʻsiq boʻlib, inson huquq va erkinliklari buzilishiga sabab boʻladi, unga qarshi kurashish esa har bir davrda dolzarb masala boʻlib kelgan.

         Davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida  ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahlil qilinib, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berildi.

         Endi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi toʻliq yangilanadi va ularga viloyat xalq deputatlari Kengashi raislari boshchilik qiladi. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashda davlat va xalq oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaydigan deputatlarning roli hamda masʼuliyati sezilarli kuchayishini va ushbu masala ular faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan boʻlib qolishini bildiradi. Hududiy kengashlar pastga, insongacha tushib, korrupsiyani keltirib chiqaradigan omillarni aniqlaydi, ularga qanday barham berish kerak, qaysi qonunni oʻzgartirish zarur, degan savollarga javob topishi zarur boʻladi.

         Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, hozirda korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallalarda maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotgani inobatga olinsa, bu - yangi tarkibdagi hududiy kengashlar oldiga bir qator vazifalar qoʻyadi.

         Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimida korrupsiyaning darajasini baholash, hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini chuqur oʻrganish, yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni mustahkamlash maqsadida maktablar, kasb-hunar kollejlari va oliy oʻquv yurtlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha targʻibot ishlarini kuchaytirish, “Korrupsiyasiz soha” dasturi va hududlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda “Korrupsiyaga qarshi ekspertiza” oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish hamda korrupsiyaga qarshi choralar koʻrishning samaradorligi yuzasidan joylarda aholi ishtirokida oʻtkaziladigan va ular bilan bevosita muloqot oʻrnatish imkonini yaratadigan sotsiologik tadqiqotlar  sonini koʻpaytirish lozim boʻladi.

         Bu oʻrinda, hududiy kengashlarning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorligini kuchaytirish zarur hisoblanadi. Negaki, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishi oʻzaro hamkorlikka bogʻliqdir. Shuningdek, bu borada oʻtkaziladigan mustaqil monitoringlar hududiy kengashlarga hududdagi vaziyatdan kelib chiqib har bir soha kesimida korrupsiyaviy moyillikni oʻrganish, unga zamin yaratayotgan omillarni aniqlash, bunday holatlarga barham berish yuzasidan hudud xususiyatlaridan kelib chiqib amaldagi qonunchilikka oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida foydali tashabbuslar berish imkonini yaratadi.

         Albatta, bu boradagi vazifalarni bajarishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashish doirasidagi faoliyatini yanada oshirish, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, ommaviy axborot vositalari uchun jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratish va eng muhimi, hududiy kengashlarning joylardagi jamoatchilik nazorati subyektlari  bilan oʻzaro aloqalarini mustahkamlash, hamfikrligini taʼminlash muhim sanaladi. Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyatning har bir aʼzosidan unga nisbatan murosasiz munosabatni talab etadi.

         Prezidentimiz tomonidan kengaytirilgan yigʻilishda korrupsiyaviy illatlarga barham berish boʻyicha berilgan tavsiya va topshiriqlar har birimizning zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Hududiy kengashlar masʼullari mana shu masʼuliyatni chuqur anglangan holda oʻzining kelgusidagi rejalarini belgilab olishi lozim boʻladi.

Davron KESIMOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy boʻlinmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati