Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa: nodavlat tashkilotlarning oʻrni va masʼuliyati

Shaffoflik va adolat har qanday demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. Korrupsiya esa ushbu tamoyillarga jiddiy tahdid solib, davlat va fuqarolar oʻrtasida ishonchsizlik muhitini vujudga keltiradi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat organlarining vazifasi, balki butun jamiyatning umumiy burchi boʻlishi lozim. Mamlakatimizda bu borada tizimli choralar koʻrilib, jamoatchilik va nodavlat tashkilotlarning roli tobora oshirilmoqda.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Milliy kengashning kengaytirilgan yigʻilishidagi nutqida jamoatchilik vakillari hamda nodavlat tashkilotlarga murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashni umummilliy vazifa va har bir vatanparvar fuqaroning vijdon ishi sifatida baholadi. Shu bilan birga, bu jarayonda nodavlat tashkilotlarning faol ishtirokini taʼminlash muhim ekanini taʼkidladi.
Hozirgi kunda nodavlat tashkilotlar jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va shaffoflikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Ular davlat idoralari va fuqarolar oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarib, aholining manfaatlarini himoya qilish, huquqiy savodxonlikni oshirish va davlat ishlarida ochiqlikni taʼminlashga koʻmaklashadi.
Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashda nodavlat tashkilotlar ishtiroki fuqarolik jamiyatini mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan parlament va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish zarurligi qayd etildi. Chunki fuqarolik jamiyati institutlarisiz korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini taʼminlash qiyin. Ayniqsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlarni jalb etish muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi.
✅ Bu borada bir nechta muhim yoʻnalishlarni qayd etish mumkin. Xususan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish – nodavlat tashkilotlar davlat xaridlari, ijtimoiy loyihalar va byurokratik jarayonlarni monitoring qilishi orqali shaffoflikni oshirishga hissa qoʻshadi.
✅ Huquqiy savodxonlikni oshirish – aholi orasida korrupsiyaga qarshi targʻibot ishlarini kuchaytirish, huquqiy bilimlarni oshirish va korrupsiyaga qarshi murosasizlik muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
✅ Mustaqil tahlil va monitoring – nodavlat tashkilotlar davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha faoliyatini tahlil qilib, mustaqil reytinglar, hisobotlar va takliflar tayyorlash orqali samaradorlikni oshirishga yordam beradi.
✅ Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik – korrupsiyaga oid holatlarni keng jamoatchilikka yetkazish, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha davlat organlari oldiga takliflar kiritish shular jumlasidandir.
Davlat rahbari bu jarayonda nodavlat tashkilotlarning ishtirokini qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili 10 milliard soʻmdan ajratib borilishini maʼlum qildi. Bu esa jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat organlarining, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Nodavlat tashkilotlar ushbu jarayonda hal qiluvchi oʻrin tutishi kerak, chunki ular jamoatchilik nazoratini taʼminlash, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish va shaffoflikni kuchaytirishda muhim kuch hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va jamoatchilik birgalikda harakat qilgandagina bu illatni bartaraf etish mumkin.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori
Azamat PARDAYEV