Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazida BAA vakili bilan uchrashuv o‘tkazildi

2026 yil 19 iyun kuni Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazida Birlashgan Arab Amirliklarining “Amirliklar ilmiy tadqiqotlar va tahlillar markazi” (ESRC) mutaxassisi janob Fadi Xabbal bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Markaz rahbari tomonidan joriy yilning 3–5 iyun kunlari Abu-Dabi shahrida o‘tkazilgan “Sivilizatsiyalar muloqoti va bag‘rikenglik – 2026” III Xalqaro konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etilgani hamda unda O‘zbekiston delegatsiyasi, jumladan Markaz vakillari ishtiroki muvaffaqiyatli o‘tgani uchun ESRC jamoasiga minnatdorchilik bildirildi.
Muloqot davomida Markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, ekspert muhokamalari, ijtimoiy tadqiqot va so‘rovlar, tahliliy yondashuvlar hamda davlat dasturlari ijrosidagi ishtiroki haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishga qaratilgan “Kutilgan fursat” loyihasi doirasida tayyorlangan kontentlar namoyish etildi.
Janob Fadi Xabbal kelgusidagi hamkorlik masalalari o‘rganilayotganini ta’kidlab, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va ijtimoiy tarmoqlarning jamiyat ongi, yoshlar tarbiyasi, oilaviy munosabatlar hamda ijtimoiy barqarorlikka ta’sirini o‘rganish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uchrashuv yakunida tomonlar demokratik jarayonlar, ijtimoiy barqarorlik, bag‘rikenglik, sivilizatsiyalar va madaniyatlararo muloqot, shuningdek raqamli transformatsiya va sun’iy intellektning jamiyatga ta’sirini o‘rganish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbolli ekanini ta’kidladilar.

