International recognition of Uzbek civil society: Bobur Bekmurodov elected to high-ranking international position.

Ozarbayjon poytaxti Boku shahri ayni kunlarda BMTning 13-Butunjahon shaharsozlik forumi (WUF13) doirasida muhim xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Mazkur forum doirasida mamlakatimiz fuqarolik jamiyati institutlari uchun tarixiy voqea yuz berdi: Global Janub Nodavlat Tashkilotlari Platformasining birinchi Bosh Assambleyasida “Yuksalish” harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Bobur Bekmurodov Platforma Bosh kotibining Osiyo bo‘yicha o‘rinbosari etib saylandi.
Ushbu e’tirof nimasi bilan ahamiyatli?
Mazkur platforma 2025 yilda qabul qilingan “Boku prinsiplari” negizida tashkil etilgan bo‘lib, u Lotin Amerikasi, Osiyo, Okeaniya va Afrika qit’alaridagi 137 mamlakatdan yuz minglab NNT va fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtiradigan ulkan tizimdir.
Bugungi kunda ushbu tuzilma shunchaki muloqot maydoni emas, balki global kun tartibiga va xalqaro qarorlar qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsata oladigan qudratli platforma sifatida ko‘rilmoqda.
Islohotlarning amaliy natijasi
Bobur Bekmurodovning bunday nufuzli lavozimga saylanishi — O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, ochiqlik siyosati va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilishidir. Bu, shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Ta’kidlash muhimki, ushbu tayinlov O‘zbekistonning nodavlat tashkilotlari uchun yangi ufqlarni ochib, mamlakatimiz tajribasini Global Janub mamlakatlari miqyosida keng targ‘ib qilish imkonini beradi.
Global qarorlar qabul qilishda mamlakatimiz fuqarolik jamiyati ovozi yanada jarangdor bo‘lishiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu ishonch O‘zbekistonning xalqaro fuqarolik jamiyatining faol va yetakchi ishtirokchisiga aylanib borayotganini anglatadi.
Biz Bobur Bekmurodovni ushbu mas’uliyatli va sharafli vazifa bilan samimiy muborakbod etib, mamlakatimiz manfaatlarini xalqaro maydonda himoya qilish, fuqarolik jamiyati ovozini dunyoga tanitish va Global Janub mamlakatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi faoliyatida ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Istaymizki, ushbu yangi bosqich O‘zbekiston uchun yanada katta yutuqlar debochasi bo‘lsin!
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi jamoasi

