National Crafts Festival in Bukhara

15–17 may kunlari Buxoro shahrida III Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli festival dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan kelgan mohir hunarmandlar, zargarlar, dizaynerlar va soha ekspertlarini bir maydonga jamlaydi .
Mazkur festival nafaqat madaniy tadbir, balki iqtisodiy va turistik ahamiyatga ega strategik platforma sifatida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Unda O‘zbekistonning noyob zardo‘zlik va zargarlik maktablari xalqaro auditoriyaga keng tanitilib, mahalliy ustalar uchun yangi hamkorlik aloqalari va eksport imkoniyatlari yaratiladi. Bu tashabbus milliy merosni ilmiy asosda o‘rganish va uni zamonaviy iqtisodiy hamda madaniy resursga aylantirishga xizmat qiladi.
Ekspertlar fikricha, ushbu festival Buxoroning xalqaro madaniy brendini yanada mustahkamlab, uni jahon hunarmandchiligi markazlaridan biri sifatida tanilishini tezlashtiradi.
Eng muhimi, bunday tadbirlar milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlodni hunarga qiziqtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va turizm iqtisodiyotini kengaytirishga turtki beradi. Festival nafaqat san’at bayrami, balki O‘zbekistonning boy tarixi, yuksak estetik madaniyati va ijodiy salohiyatini butun dunyoga namoyon etuvchi muhim xalqaro maydondir.

