Prezident va yoshlar: Yangi Oʻzbekiston kelajagini barpo etishdagi hamkorlik

2025-yil 14-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Uchrashuvda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi oʻrni, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va mavjud muammolar muhokama qilindi.
Prezident oʻz nutqida yoshlar mamlakatning eng qimmatli boyligi ekanini taʼkidlab, ularni “oltin fond” deb atadi. Ayni paytda Oʻzbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelayotgani va 2030-yilga borib bu raqam 1 millionga yetishi kutilayotgani qayd etildi. Bu esa yoshlar bandligini taʼminlash va ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha tizimli yondashuvni talab etadi.
Soʻnggi yillarda yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada yosh tadbirkorlar soni uch barobarga oshgan, ularning biznes sohasidagi ulushi esa 40 foizga yetgan. Shuningdek, ishsiz yoshlar soni ikki barobarga kamaygan, 1 889 ta mahallada esa ishsizlik muammosi toʻliq hal qilingan.
Taʼlim sohasida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Mamlakatda oliy taʼlim muassasalari soni uch barobarga oshgan, yoshlarning 42 foizi oliy taʼlim bilan qamrab olingan. Shu bilan birga, xotin-qizlar uchun shartnoma toʻlovlarini davlat tomonidan qoplash tizimi joriy etilgani natijasida ularning oliy taʼlimdagi ishtiroki 11 barobarga oshgan.
Prezident ushbu uchrashuvda yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash va ular uchun yangi imkoniyatlar yaratish ustuvor vazifalardan biri ekanini taʼkidladi. Shuningdek, yoshlar muammolarini chuqurroq oʻrganish va ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini oshirish boʻyicha bir qator takliflar bildirildi.
Bu uchrashuv mamlakatda yoshlar siyosati yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning kelajakka ishonchini mustahkamlash va ularni faol jamiyat aʼzolari sifatida shakllantirishga qaratilgan muhim qadam boʻldi. Davlat rahbarining yoshlar bilan doimiy muloqot oʻtkazish tashabbusi Yangi Oʻzbekistonda yoshlar uchun haqiqiy imkoniyatlar eshigi ochilayotganini tasdiqladi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

