ACDP logo
Kirish
header bg

Mahalliy Kengashlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari mustahkamlandi

147
Поделиться:
Mahalliy Kengashlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari mustahkamlandi

Soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining boshqaruvdagi rolini oshirib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrdagi Parlamentga Murojaatnomasida ham mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini isloh qilish, ularning faoliyat asoslarini yanada kuchaytirish va takomillashtirishga oid tashabbuslar bildirilgan[1].

Mazkur tashabbuslar asosida, mahalliy Kengashlar faoliyatini takomillashtirish va nazorat faoliyatiga oid huquqiy asoslar yaratilib, hokim va uning oʻrinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar va sogʻliqni saqlash idoralari rahbarlarining tegishli Kengashlar oldida hisobdorligi qonunlarda belgilab qoʻyildi.

Mazkur siyosiy institut faoliyatini rivojlantirishning amaliy choralaridan biri sifatida, xalq deputatlari Kengashlarining doimiy asosda ishlovchi kotibiyatlari tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuni 16-moddasi birinchi qismiga xalq deputatlari Kengashi deputatini hujjatlar, zarur axborot va maʼlumot materiallari bilan taʼminlash, shuningdek, deputatlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislar maslahatini uyushtirish vazifasini viloyat, tuman, shahar hokimliklaridan Kengash kotibiyatlari zimmasiga oʻtkazilishi haqidagi oʻzgartish kiritildi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunida kotibiyatning yuridik shaxs maqomiga egaligi, uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi, tuzilmasi, nizomi, shtatlari, xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdori va moddiy-texnika taʼminoti, shuningdek, ularni saqlash xarajatlari tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, kotibiyat mudiridan tashqari xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mahalliy Kengashlarning vakolat muddatiga bogʻliq boʻlmasligi, kotibiyat mudiri tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari orasidan uning vakolati muddatiga tayinlanishi belgilangan.

Tegishli qonun bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi hududiy boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitishi, hududda sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlari ijrosi, kasalliklar profilaktikasi holati, sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, shuningdek, sogʻliqni saqlashning asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida hisobot taqdim etilishi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli qarori bilan “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti” tasdiqlanib, unda mahalliy Kengashning bir qator vakolatlari belgilab qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvida hokimlarning bir vaqtning oʻzida xalq deputatlari Kengashlariga ham boshchilik qilishi haqidagi qoidani Konstitutsiyadan chiqarib tashlash taklifini ilgari surgan edi. Uchrashuvda davlat rahbari “Bu islohotning joriy etilishi hokimiyat vakolatlarini boʻlinish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirishga olib keladi. Hududlarda xalq manfaatlarini toʻliq taʼminlashga, hokimliklar faoliyati ustidan kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi”, deb taʼkidlagandi[2].

2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mazkur norma ham oʻrin egalladi.

Aytish mumkinki, ushbu norma xalq deputatlari Kengashining mahalliy ijroiya hokimiyatidan toʻla mustaqilligini taʼminlashga oid muhim konstitutsiyaviy norma boʻlib, hokimiyat vakolatlarining boʻlinish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga, hududlarda xalq manfaatlarini toʻliq taʼminlashga, hokimliklar faoliyati ustidan Kengashlar va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga imkoniyat yaratadi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 122-moddasida ham xalq deputatlari Kengashlarining bir qator vakolatlar alohida belgilab quyilgan boʻlib, bu xalq manfaatlariga xizmat qiladi.

Hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish vakolati esa mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarligiga xalq dardi bilan yashaydigan eng munosib nomzodlarni tanlash va tasdiqlashga, ular faoliyatining ochiqligiga, aholi oldida masʼuliyati va hisobdorligining oshishiga imkon beradi.

R.Nurmatov

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi masʼul xodimi.

 

[1] https://president.uz/uz/lists/view/4057

[2] https://www.gazeta.uz/uz/2022/06/20/hokim/