ACDP logo
Kirish
header bg

Ekologik xavfsizlik va qonunchilik masalalari muhokama qilindi

23
Поделиться:
Ekologik xavfsizlik va qonunchilik masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PQ–184-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining ekologik savodxonligini oshirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan Navoiy davlat universitetida Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Navoiy viloyati Kengashi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi viloyat boshqarmasi hamda Adliya boshqarmasi hamkorligida o‘quv seminari tashkil etildi.

Tadbirda viloyatdagi turli soha vakillari, sanoat korxonalari ekologlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Seminar davomida ekologik qonunchilikdagi yangiliklar, chiqindilarni qayta ishlash, suv va havo sifatini nazorat qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Abdulla Ro‘ziqulov seminar ahamiyati haqida shunday fikr bildirdi:

“Ekologik savodxonlik nafaqat mutaxassislar, balki har bir fuqaro uchun zarur. Tabiat va atrof-muhitni muhofaza qilish – bugungi kunning dolzarb masalasi. Chunki har bir chiqindimiz, har bir resursdan foydalanishimiz kelajakdagi ekologik holatga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi seminarda biz qonunchilikdagi yangiliklar bilan birga, amaliy yo‘l-yo‘riqlarni ham tushuntirdik. Masalan, chiqindilarni to‘g‘ri ajratish va qayta ishlash, suv resurslaridan tejamli foydalanish, sanoat korxonalarida havo sifatini nazorat qilish kabi masalalarga e’tibor qaratdik. Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda fuqarolarning o‘rni va mas’uliyati haqida ham atroflicha ma’lumot berdik.

Eng asosiysi – bu kabi tadbirlar orqali biz odamlarda ekologik madaniyatni shakllantirishga intilayapmiz. Agar har bir fuqaro o‘z uyida ekologik talablarga amal qilsa, butun mamlakat miqyosida katta natijalarga erishish mumkin bo‘ladi. Shu bois, bugungi seminar nafaqat bilim berish, balki jamoatchilikni ekologik mas’uliyatga chorlash vazifasini ham bajaradi”, — dedi Abdulla Ro‘ziqulov.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga metodik qo‘llanmalar va targ‘ibot materiallari tarqatildi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Navoiy viloyat hududiy bo‘limi