ACDP logo
Kirish
header bg

“Konstitutsiyaviy islohotning mazmuni va mohiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilanayotgan Konstitutsiya”

56
Поделиться:
“Konstitutsiyaviy islohotning mazmuni va mohiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilanayotgan Konstitutsiya”

2023-yil 17-18-aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida 18 ta davlat va bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlarning yetakchi siyosatchilari, davlat arboblari, ekspertlari va olimlari ishtirokida “Konstitutsiyaviy islohotning mazmuni va mohiyati: Yangi O‘zbekiston – yangilanayotgan Konstitutsiya” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. 
Tashkilotchilar – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi. 
Ushbu muhim xalqaro forumda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Sloveniya, Polsha, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi mamlakatlardan yetakchi siyosatchilar, davlat arboblari, ekspertlar va olimlar ishtirok etdi. Bundan tashqari BMT, BMT TD, YEI va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning bir qator vakillari ham tadbirda hozir bo‘lishdi.
Xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning ahamiyatini aholi va xalqaro jamoatchilikka yetkazish, mahalliy va xorijiy ekspert-tahliliy doiralar vakillari, taniqli xuquqshunoslar va olimlarning konstitutsiyaviy islohotlar haqidagi fikr-mulohazalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiyaning birinchi kunida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining roli va o‘rni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi yuzasidan Konstitutsiyaviy sud qarorining mohiyati va ahamiyati, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari, saylov jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi mavzularga e’tibor qaratildi.
Xalqaro konferensiya ishida yangilangan Konstitutsiyada o‘z ifodasini topayotgan muhim o‘zgarishlar, ijtimoiy, huquqiy va dunyoviy davlat tamoyillarini rivojlantirishning, demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning konstitutsiyaviy asoslari kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda inson huquqlari himoyasi, xususiy mulk dahlsizligini ta’minlashning konstitutsiyaviy kafolatlari bilan bog‘liq normalar ishtirokchilarning qizg‘in muhokamasiga sabab bo‘ldi. Konstitutsiyaviy islohotlarning xususiy mulk daxlsizligi, erkin rivojlanish, sog‘lom raqobat, tadbirkorlik, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi kabi ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan uchinchi sessiyada ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti rivojlanishining konstitutsiyaviy mexanizmlarini kuchaytirish – tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi, mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va makroiqtisodiy barqarorligining eng muhim kafolati to‘g‘risidagi ma’ruzalar ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.